Qabul nizomi
- Ushbu Nizom «Ta’lim to‘g‘risida» va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o‘qishga qabul qilish tartibini belgilaydi.
- Oliy ta’lim muassasalari qabulni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan davlat grantlari va to‘lov-kontrakt asosida qabul kvotalariga muvofiq amalga oshiradilar.
- Oliy ta’lim muassasalariga talabalarni qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi (keyingi o‘rinlarda Davlat komissiyasi deb ataladi) tomonidan test sinovlari natijalariga ko‘ra to‘plangan ballarning reyting tizimi bo‘yicha amalga oshiriladi.
- Test sinovlari uch tilda — o‘zbek, rus, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidagi oliy ta’lim muassasalarida qoraqalpoq tillarida o‘tkaziladi.
- Ayrim ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitish tojik, qozoq, turkman va qirg‘iz tillarida olib boriladigan ta’lim yo‘nalishlariga qabul ko‘p balli tizim bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar va test sinovlari asosida amalga oshiriladi. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati Davlat test markazi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
- Umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida), o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalarida ispan, arab, fors, dari, hind, urdu, xitoy, koreys, uyg‘ur, italyan, yapon tilini (ingliz, nemis va fransuz tillari o‘qitilmagan holda) chet tili sifatida o‘qigan abiturientlar mazkur tildan ko‘p balli baho tizimi bo‘yicha imtihon topshiradilar, qolgan fanlar bo‘yicha esa test sinovlaridan o‘tadilar.
- Oliy ta’lim muassasalarida kasbiy (ijodiy) va ko‘p balli imtihonlarni o‘tkazish 1va 2-ilovalarda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
- Oliy ta’lim muassasalariga ko‘zi ojiz abiturientlarni o‘qishga qabul qilish 3-ilovadabelgilangan tartibda amalga oshiriladi.
- Respublika tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida tashkil etilgan 3 yillik «Oliy hamshiralik ishi» ta’lim yo‘nalishiga qabul faqat o‘rta maxsus, kasb-hunar tibbiy ma’lumot (hamshiralik, akusherlik ishi va feldsherlik) negizida amalga oshiriladi. Mazkur yo‘nalish bo‘yicha test sinovlari bilan bir qatorda qo‘shimcha kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkaziladi.
- Oliy ta’lim muassasalari tarkibida tashkil etilgan maxsus sirtqi bo‘limning ta’lim yo‘nalishlariga qabul faqat tegishli yoki turdosh ta’lim yo‘nalishiga muvofiq o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotiga hamda kamida uch yil amaliy ish stajiga ega bo‘lgan, ishlab turgan sohadan tavsiyanoma berilgan kadrlar hisobidan amalga oshiriladi.
- Oliy ta’lim muassasalariga xorijiy fuqarolarni qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Xorijiy fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish va o‘qitish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida» 2008 yil 4 avgustdagi 169-son qarorihamda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari asosida amalga oshiriladi.
- Oliy ta’lim muassasalarida o‘qishga qabulni sifatli tashkil etish maqsadida oliy ta’lim muassasalarida qabul komissiyalari tashkil etiladi.
- Kasbiy (ijodiy) imtihonlar test sinovlari o‘tkazilishiga qadar 11 iyuldan 20 iyulgacha, test majmualarida fanning o‘rniga qarab uning uchun nazarda tutilgan eng ko‘p ballning 0 dan 100 foizigacha bo‘lgan oraliqda yagona ko‘p balli baholash tizimi bo‘yicha amalga oshiriladi.
- Test sinovlari kunduzgi, maxsus sirtqi va kechki (smenali) ta’lim shakli uchun har yili 1 avgustdan 15 avgustgacha bo‘lgan muddatda, qoida tariqasida, kuniga ikki smenada o‘tkaziladi.
- Oliy ta’lim muassasasida tanlangan ta’lim yo‘nalishiga qarab abiturientlar tegishli ravishda bir, ikki yoki uch fan majmualari bo‘yicha test sinovlaridan o‘tadilar.
- Test sinovlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish uchun kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomasosida amalga oshiriladi.
- Abiturientlarni to‘lov-kontrakt asosida qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan qabul kvotalari doirasida yagona qabul qoidalari asosida test sinovlarining ballar reytingi bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
- Oliy ta’lim muassasalarining takliflariga muvofiq, ularning imkoniyatlari, tanlov va to‘plangan ballar miqdoridan kelib chiqib, Davlat komissiyasi qarori asosida abiturientlar to‘lov-kontrakt bo‘yicha belgilangan kvotadan tashqari qo‘shimcha ravishda o‘qishga qabul qilinishi (keyingi o‘rinlarda qo‘shimcha qabul deb ataladi) mumkin.
- Oliy ta’lim muassasalari qo‘shimcha qabulni Davlat komissiyasi qarori bilan belgilangan ko‘rsatkichlarga muvofiq to‘plagan ballari eng yuqori ballning 30 % (68,0 ball)dan kam bo‘lmagan va asosiy qabul chegaralariga 4 ballgacha yetmagan abiturientlar orasidan ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya qilingan holda amalga oshiradilar.
